Название: Buxorolik aka-uka 37 ming AQSh dollarini o‘marish niyatida xorijdagi qarindoshini bolta bilan o‘ldirdi
 Гость
 28.06.2017
 Просмотры: 310

Buxoro viloyatida istiqomat qiluvchi aka-uka oilali bo‘lsa-da biror kasbni egallashni istamay, otasining topgan pulini yeb o‘tirishdan nariga o‘tmadi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “Postda” nashri.

 

Foto: severinform.ru

Foto: severinform.ru

Kunlarning birida ularning uyiga xorijda ishlaydigan qarindoshi kelib, aka-ukani chet elda boshlagan katta biznesiga ko‘maklashishga olib ketdi.

Aka-ukaga xorijdagi shahar markazida faoliyat ko‘rsatayotgan ikki savdo majmuasida mollarni qabul qilib, hisobni yuritish vazifasi yuklatildi. Ularning qarindoshi esa ushbu inshootlarni jiyanlariga butunlay topshirib, o‘zi biznesni yanada rivojlantirish yo‘lida tinmadi.

Oradan vaqt o‘tib, aka-ukalar qarindoshining xorijdagi mahalliy boylar kabi qimmatbaho avtomobillarda yurishiga, og‘ir mehnatga qo‘l urmasligiga, hamkorlari bilan ba’zan chet elda dam olib qaytishiga hasad qila boshladi. Olayotgan 1000 dollarlik maoshiga qanoat qilmagan aka-uka o‘zaro dardlashib, qarindoshiga savdo majmualaridan birini ularning nomiga rasmiylashtirib berishini aytdi.

Ishongan jiyanlaridan bunday gapni eshitgan tadbirkor ularga savdo majmuasini bera olmasligini, xohlashsa, ishni shu tariqa davom ettirishlarini, maosh qanoatlantirmayotgan bo‘lsa, boshqa ish izlashlarini aytdi.

Bundan jahli chiqqan aka-uka ishda qolib, boshqa reja asosida faoliyat yurita boshladi: ular savdodan tushgan pullarni, sof daromadni yashirib qo‘ya boshladi. Ikki oydan so‘ng, savdo majmualarini taftish qilgan tadbirkor jiyanlarining qilmishini fosh etdi. Shunga qaramay, u aka-ukani boshqa bunday qilmaslik haqida ogohlantirish bilan cheklandi. Biroq jiyanlar qarindoshiga xiyonat qilishda davom etaverdi. Bundan ranjigan tadbirkor esa aka-ukani ishdan bo‘shatishni lozim topdi.

Uyga qaytishdan boshqa iloj topolmagan aka-uka ketishdan avval o‘zlarida qarindoshining uy kaliti borligidan foydalanib, tadbirkorning pullarini o‘marishni mo‘ljalladi. Aka-uka uyga hech kim yo‘q vaqtda kirib, seyfni sindirdi va 37 ming AQSh dollarini olib, qochishga chog‘langanida qarindoshi kelib qoldi. Esankirab qolgan jiyanlardan biri seyfni ochishda foydalanilgan bolta bilan qarindoshining boshiga urdi. Tadbirkor qattiq zarbdan hushini yo‘qotib, polga yiqildi. Ko‘p o‘tmay uning joni uzildi.

Bundan sarosimaga tushgan aka-uka qilmishini yashirish maqsadida jasadni qopga solib, yarim tunda o‘rmonga olib borib ko‘mdi va uyga qaytib, izlarni yo‘qotdi. Aka-uka tong o‘tgach, hech narsa bo‘lmaganday aylanma yo‘llar orqali uyiga qaytdi.

Oradan ancha vaqt o‘tib, tadbirkorning jasadi ko‘milgan o‘rmon daraxtlari tozalanib, u yerda boshlab yuborilgan qurilish ishlari vaqtida bo‘laklarga bo‘lingan jasad topildi va politsiyaga yetkazildi. Politsiya kiyimlardan topilgan o‘sha davlat tomonidan berilgan pasport va haydovchilik guvohnomasi orqali jasadning shaxsini aniqladi.

Olib borilgan tezkor qidiruv hamda surishtiruv ishlari davomida aka-ukalarning qilmishi fosh etilib, sud ularning har biriga nisbatan odilona hukm chiqardi, deyiladi xabarda.

 
 
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]