Название: “Lokomotiv” klubi bosh murabbiyi: “Kelishilgan o‘yinlar borligini tasdiqlamayman, lekin inkor ham etmayman”
 Гость
 21.10.2017
 Просмотры: 234

Joriy mavsum yakunlariga ko‘ra, Toshkentning “Lokomotiv” klubi mamlakat 23-milliy chempionatining kumush medallari, shuningdek, O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritdi. “Temiryo‘lchilar”ning bosh murabbiyi Vadim Abramov ayni mavsum yakunlari bo‘yicha fikrlarini bildirib o‘tdi. Bu haqda “Olamsport” xabar bermoqda.

 

Vadim Abramov. Arxiv. Foto: championat.asia

Vadim Abramov. Arxiv. Foto: championat.asia

Murabbiy mavsumning so‘nggi o‘yinida muxlislarni xushnud etishni maqsad qilganini ta’kidlab o‘tdi: “Chempionlik boy berilganidan so‘ng bor umidimiz Kubokdan edi. Qolaversa, bu yil ‘O‘zbekiston Temir yo‘llari’ DATK tashkil etilganiga 20 yil to‘lgandi. To‘yga to‘yona deganlaridek, hech bo‘lmasa klub rahbariyati va homiylarimizga O‘zbekiston Kubogini taqdim etishimiz kerak edi. Zimmamizdagi vazifani uddalaganimizdan xursandman”.

Vadim Abramov ko‘pchilikning fikri ko‘ra, zerikarli o‘tgan final bahsiga to‘xtalar ekan, final bitta o‘yindan iborat bo‘lishi va bunday uchrashuvlarda darvozalarga ko‘p to‘p kiritilmasligini qayd etdi: “Bitta gol bahs taqdirini hal qilib qo‘yadi. Olmaliqdagi uchrashuvda ham xuddi shunday bo‘ldi. Jamoalar ehtiyotkorlik bilan harakat qildi. Keyin ‘Bunyodkor’ jamoasi birinchi bo‘limda tayinli hujum ham tashkil etmadi. Bu ham o‘yinning zerikarli ko‘rinishda o‘tishiga xizmat qildi. Biz birinchi raqamli jamoa sifatida o‘ynadik. O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritgan jamoa OChL yo‘llanmasiga ega bo‘lardi. Tabiiyki, bunday holatda chiroyli o‘ynab, mag‘lubiyatga uchragandan ko‘ra, natija uchun harakat qilib, g‘alaba qozongan afzal. Biz aynan shu yo‘lni tanladik va maqsadimizga erishdik. O‘ylaymanki, bundan jamoamiz muxlislari xafa bo‘lmadi”.

Murabbiy mazkur uchrashuv vaqtida hakam “Lokomotiv” futbolchisi Jasur Hasanovga qizil kartochka berishda biroz adashganini aytdi: “Bu vaziyatda to‘rtinchi hakam yordam bersa bo‘lardi. Chunki u vaziyatga ancha yaqinroq turgandi. Yaxshiyam chetlatish o‘yinning so‘nggi daqiqalarida ro‘y berdi. Aks holda, bu jamoamizga qimmatga tushishi mumkin edi. Men hakamlar qaroridan noroziman demoqchi emasman. Shunchaki, Hasanov bilan bog‘liq vaziyat uchun fikrimni bildirdim. Koreyalik hakamlar o‘yinning borishi va natijasiga hech qanday salbiy ta’sir o‘tkazgani yo‘q. ‘Paxtakor’ bilan o‘yinni boshqargan amirlik hakamlar ham o‘z vazifalarini yaxshi bahoga bajargandi”.

Shu o‘rinda, Vadim Abramov ushbu o‘yinni boshqarishda FIFA referisi “Ravshan Ermatovga ham ishonch bildirsa bo‘lardi”, deb ta’kidlar ekan, Kovalenko borasida fikri o‘zgachaligini aytdi: “U ‘Bunyodkor’ bilan milliy chempionatimiz doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda bir nechta xatoga yo‘l qo‘ygan edi”.

Vadim Abramov. Arxiv. Foto: championat.asia

Vadim Abramov. Arxiv. Foto: championat.asia

Bundan tashqari, murabbiy suhbat davomida OChL — 2015’ga tayyorgarlik rejasi ishlab chiqilganini qayd etdi: “Yangi yilgacha Toshkentda yig‘in o‘tkazamiz. Hozir eng katta muammo bu tarkib bilan bog‘liq bo‘ladi. Milliy terma jamoa yig‘iniga hozircha olti nafar futbolchimiz taklif oldi. Bu yarim jamoa deganidir. Darvozabondan tashqari, himoya chizig‘imizning deyarli barcha a’zolari ikki oy davomida terma jamoa ixtiyorida bo‘ladi. Yanvar oyida Osiyo Kubogi — 2015’ning o‘tkazilishini inobatga olsak, futbolchilarimiz klubimiz ixtiyoriga fevral oyidagina qaytishi oydinlashadi. Tasavvur qilyapsizmi, ikki oy mobaynida asosiy tarkibning olti nafar futbolchisisiz mashg‘ulot o‘tkazamiz. Fevral oyida esa OChL — 2015 mavsumiga ham start beriladi. Biz uchun bu jarayon juda qiyin o‘tishi aniq.

OChL uchun mo‘ljallangan legionerlarning 3+1 limitidan foydalanish haqida bosh qotiryapmiz. Yuqorida aytganimdek, asosiy tarkibning olti nafar futbolchisisiz mavsumga tayyorgarlik ko‘rishimizga to‘g‘ri keladi. Men bu futbolchilarimizga umid bog‘lamayapman ham. Hali terma jamoadan safimizga qay holatda kelishlari ham noma’lum. Shu bois, legionerlar limitidan foydalanamiz”.

Vadim Abramov bu borada bir necha oy davomida o‘yinlarni kuzatib, ayrim futbolchilarni ko‘z ostiga olib qo‘yganini qayd etdi. “Lekin ularning ism-shariflarini hozir oshkor qila olmayman. Sababi, hali ular bilan muzokaralarni ham boshlamadik. Ular bilan shartnoma masalasida hali gap-so‘z ham yo‘q. Shu bois, legionerlar masalasida hozir tayinli fikr bildira olmayman. Yanvar oyidagi yig‘inimizda bir necha legionerlarni ko‘rikdan o‘tkazamiz.

Bu legionerlar Alyaskadan bo‘lmasligi aniq (kuladi). O‘zimizga yaqin qit’adan bo‘ladi. Ko‘rikdan o‘tkazadigan legionerlarimiz mahalliy o‘yinchilarimizdan saviyasi baland bo‘lmasa, ularga javob berib yuboramiz”, — dedi murabbiy.

Abramov hozirda xorij yig‘inlarini tashkil etish borasida bosh qotirilayotganini aytib, ular yanvar oyida o‘tkazilishini, dekabrda esa tayyorgarlik Toshkentda olib borilishini qayd etdi.

“Temiryo‘lchilar”ning bosh murabbiyi “Lokomotiv” bolalar futbol maktabi tarbiyalanuvchilari haqida ham to‘xtalib o‘tdi: “‘Lokomotiv’ bolalar futbol maktabi tashkil etilganiga uch yil vaqt bo‘ldi. Yana 3—4 yildan so‘ng futbol maktabimiz meva bera boshlaydi. Bu yilgi mavsumda Quvondiq Ro‘ziyevdan umidim katta edi. Shaxsan o‘zim o‘rinbosarlarimiz ishtirokidagi uchrashuvlarni kuzatib kelyapman. Bizda iste’dodli yoshlar talaygina. Yaqinda xorijda o‘tkazilgan xalqaro turnirlarda yosh tarbiyalanuvchilarimiz sovrinli o‘rinlarni egallab qaytdi”.

Vadim Abramov Ispaniya, Fransiya, Italiya, Germaniyada ikkita chempionat bor deb, birida nisbatan kuchli ikki jamoa (masalan, Ispaniyada “Real” va “Barselona”), ikkinchisida esa qolgan jamoalar (masalan, Ispaniyada qolgan 18 ta jamoa) qatnashadi deb ta’riflash mumkinligini qayd etdi: “Birgina Angliya chempionatida nisbatan teng kuchli jamoalar jam bo‘lgan va shu boisdan ham premyer-liga kuchli hisoblanadi. Autsayder jamoaning kuchli klubni mag‘lub etish holatlari har bir turda uchrab turadi”.

Arxiv. Foto: championat.asia

Arxiv. Foto: championat.asia

“O‘zbekistonda o‘tgan mavsum bilan taqqoslaganda, ijobiy tomonga katta o‘zgarishlar yo‘q, deb hisoblayman. O‘ziga yarasha plyuslari ham bor, lekin minuslari undan ko‘proq”, — dedi murabbiy.

Murabbiy so‘nggi paytlarda ko‘p gapirilayotgan kelishilgan o‘yinlar haqida ham o‘z fikrlarini bildirdi: “Kelishilgan o‘yinlar borligini tasdiqlamayman, lekin inkor ham etmayman. Ammo ayblov isbotlanmagunicha, uning hech qanday kuchi bo‘lmaydi. Bunday gap-so‘zlarga o‘rin qoldirmaslik uchun chempionatimiz tizimini o‘zgartirish kerak. Qozog‘iston, Janubiy Koreyada bo‘lgani kabi ikki bosqichli milliy chempionat tizimini yo‘lga qo‘yish kerak. Ikkinchi bosqichda kuchli oltilikdan joy olgan jamoalar o‘rtasida musobaqa o‘tkazish lozim. O‘shanda 6-o‘rindagi jamoada ham chempionlik uchun imkoniyat yuzaga keladi. Bunday kuchli raqobatda iste’dodlar ham kashf etiladi. Tabiiyki, stadionlar ham bunday o‘yinlar natijasida muxlislar bilan gavjum bo‘lardi. Shaxsan men shunday chempionat o‘tkazilishi tarafdoriman”.

Abramov, shuningdek, uning fikricha joriy mavsum kashfiyoti bo‘lgan uch nafar futbolchi nomini aytdi: “Birinchi navbatda menga Jamshid Iskandarovning o‘yinlari ma’qul keldi. U ‘Paxtakor’ jamoasida yetakchilik rolida bo‘ldi. Shu klub tarkibidagi Kaxi Maxaradze haqida ham shunday fikrdaman. Kaxini juda yaxshi bilaman. Bu yilgi mavsumda uning yangi qirralari kashf etildi. Sardor Rashidov ham yaxshi taassurot qoldirdi. Lekin u barqaror o‘yin namoyish etmadi. Kubok finalida Salim Mustafoyev unga imkoniyat bermadi.

Rashidov va Iskandarov hali terma jamoada ham o‘zlarini ko‘rsatishi kerak. Shunda ularga to‘liq baho berish mumkin bo‘ladi. Hozircha bu futbolchilar milliy terma jamoaning birinchi raqamli futbolchilari emas”.

Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]