Название: Rossiya “Birinchi kanali” “Boing” qulashida Ukrainani ayblash maqsadida arxiv suratni “unikal” dalil sifatida ko‘rsatdi
 Гость
 21.11.2017
 Просмотры: 229

Rossiya “Birinchi kanali”ning 14-noyabr kungi efirida Malayziya “Boing”i go‘yo qiruvchi samolyot tomonidan urib tushirilgani tasvirlangan sun’iy yo‘ldosh surati namoyish etildi. Fotosurat “Odnako” tahliliy dasturida taqdim etilgan, deb xabar bermoqda “Kun”.

 

“Birinchi kanal”da ko‘rsatilgan “unikal kadr”. Foto: meduza.io

“Birinchi kanal”da ko‘rsatilgan “unikal kadr”. Foto: meduza.io

“Birinchi kanali”dagilarning ma’lum qilishicha, fotosurat Rossiya muhandislar ittifoqi tomonidan yuborilgan. Ittifoqqa esa bu suratni o‘zini aviaekspert va MIT bitiruvchisi sifatida tanishtirgan shaxs taqdim etgan. Tasdiqlashlaricha, fotosurat Angliya yoki Amerika sun’iy yo‘ldoshi yordamida olingan.

Dasturda ushbu surat “unikal va sensatsion” deb atalgan.

“Meduza”ning qayd etishicha, ushbu surat ilk bor oktabr oyining o‘rtalarida e’lon qilingan, ba’zi foydalanuvchilar esa uning 2014-yil iyulida paydo bo‘lganini ham ta’kidlamoqda.

Bundan tashqari, fotosurat qalbaki bo‘lishi mumkinligi ham aytilmoqda: suratda Donetsk shahri yuqoridan ko‘rsatilgan, vaholanki, Malaysia Airlines’ga tegishli “Boing” Donetsk viloyatining Snejnoye shahri yaqinida qulagan edi.

Eslatib o‘tamiz, Malaysia Airlines’ning Boeing 777 samolyoti 2014-yilning 17-iyul kuni Donetsk viloyatida qulagan edi. Aviahalokat natijasida 298 kishi halok bo‘lgan.

Aviahalokat qayd etilishi bilan Ukraina hukumati buning uchun javobgarlikni mamlakat sharqidagi rossiyaparast ayirmachilarga, shuningdek, Kiyevning fikricha, bu ayirmachilarga qurol yetkazib berayotgan Rossiyaga yukladi. Ukraina va uni qo‘llab-quvvatlayotgan G‘arb mamlakatlari talqini bo‘yicha Malayziya layneri “Buk” zenit-raketa majmuasidan urib tushirilgan.

O‘z navbatida, Rossiya samolyot qulagan kuni Ukraina kuzatuv tizimlari faolligi qayd etilgani, “Boing” yaqinida esa qiruvchi samolyot ko‘ringanini ma’lum qildi.

“Boing” halokatini hozirgi vaqtda gollandiyalik tergovchilar o‘rganib chiqmoqda. Sentabr oyida ular ilk hisobotni taqdim etgan, unda samolyot “ko‘plab yuqori energetik obyektlarning tashqi ta’siri natijasida yuz bergan tuzilmaviy buzilishlar” natijasida havoda parchalangani aytilgandi.

Aynan qanday obyektlar haqida gap borayotganiga hisobotda aniqlik kiritilmagan. Halokat uchun nizolashayotgan tomonlarning qaysi biri javobgarligi ham hisobotda ma’lum qilinmagan.

 
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]