Название: Vitaliy Denisov “Yilning eng yaxshi futbolchisi” deb e’lon qilindi
 Гость
 18.11.2018
 Просмотры: 703
Vitaliy Denisov "Yilning eng yaxshi futbolchisi” deb e’lon qilindi

Avval xabar berganimizdek, kecha, 23-dekabr kuni "Zarafshon” kino-konsert zalida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining yil yakunlariga va 2013-yil laureatlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi.

DSC_063425d5bf680639acc6c7faea7765b4ca2e

Yilning eng yaxshi futbolchisi Vitaliy Denisov. Foto © championat.asia

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi xabar qilishicha, tadbir davomida 2013-yili o‘z yosh toifasida Turkiya va BAA davlatlarida tashkil etilgan jahon chempionati bahslarida muvaffaqiyatli o‘yin ko‘rsatgan O‘zbekiston U-20 yoshlar va O‘zbekiston U-17 o‘smirlar terma jamoasi a’zolarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Jumladan, har ikkala terma jamoa murabbiylari Ahmadjon Musayev va Dilshod Nuraliyev Chevrolet Malibu avtomobillari bilan taqdirlandi.

DSC_0293461b9fdca4ab190859a5dd09807b9e4a

Ahmadjon Musayev va Dilshod Nuraliyevga Chevrolet Malibu avtomobillari kaliti topshirilmoqda. Foto © championat.asia

Yil yakunlariga bag‘ishlangan marosimda to‘qqiz nominatsiya bo‘yicha eng yaxshilar aniqlanib, sovrinlar topshirildi. Jumladan, O‘zbekiston U-17 o‘smirlar terma jamoasining bir yo‘la uch nafar futbolchisi — Akobir To‘rayev, Jamshid Boltaboyev va Izzatilla Abdullayevlar "Yilning eng yaxshi yosh o‘yinchisi” yo‘nalishida g‘olib deb topildi. O‘z navbatida, ularning ustozi — O‘zbekiston U-17 o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Dilshod Nuraliyev "Yilning futbol bo‘yicha eng yaxshi bolalar murabbiyi” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.

"Fair Play — Halol o‘yin” nominatsiyasida Toshkentning "Lokomotiv” jamoasi g‘olib chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, jamoa futbolchilari mavsum davomida hakamlar tomonidan 45 marta ogohlantirilgan, biroq hakamlar ushbu jamoa futbolchilariga biror marta qizil kartochka ko‘rsatmagan.

DSC_0357c3df8ef2debcf6d58622dd07d5e1a569

Yilning eng yaxshi yosh o‘yinchilari. Foto © championat.asia

Futbol hakamlari orasida esa ketma-ket sakkizinchi marta Ravshan Ermatov "Yilning eng yaxshi hakami” deb topildi.

Joriy yilda "Eng yaxshi matbuot xizmati” nominatsiyasi bo‘yicha ham taqdirlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ushbu yo‘nalish g‘olibi mavsum davomida O‘zPFL bayrog‘i ostida tashkil etilgan o‘yinlardan hisobotlarni o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rinishda tashkilot matbuot xizmatiga jo‘natib turgan klublarga topshirilgan. 2013-yilda bu borada "Nasaf” futbol klubi matbuot xizmatiga teng keladigani topilmadi.

Toshkentning "Bunyodkor” klubi ukrainalik hujumchisi Aleksandr Pishur 19 ta gol bilan mavsum to‘purariga aylandi va o‘z-o‘zidan, O‘zbekiston Chempionati-2013’ning "Eng yaxshi to‘purari” sovrinini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda Moskvaning "Lokomotiv” klubi himoyachisi Vitaliy Denisov OAV xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari yakuniga ko‘ra O‘zbekistonning 2013-yildagi "Eng yaxshi futbolchisi” deb topilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Milliy Chempionati bronza medali sohibi va O‘zbekiston Kubogi finalchisi Qarshining "Nasaf” klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev yilning "Eng yaxshi murabbiyi” deb topildi.

Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]